Maktablarda endi o‘quvchilarning o‘zi kitobxonlikni targ‘ib qiladi

Xalq ta’limi vazirligi tomonidan o‘quvchilar orasida kitobxonlikni targ‘ib qilish maqsadida yangi loyiha boshlandi. Unga ko‘ra umumta’lim maktablarida “Targ‘ibotchi kitobxon o‘quvchi” nominatsiyasi joriy etilib,u tengdoshlari orasida kitobxonlikni targ‘ib qiladi.

Maktabning “Targ‘ibotchi kitobxon o‘quvchi”si ta’lim muassasasining 7-10 sinf o‘quvchilari orasidan ochiq ovoz berish yo‘li bilan tanlab olinadi va u maktab kutubxonachisi va yetakchisi bilan birgalikda o‘z faoliyatini olib boradi.

“Targ‘ibotchi kitobxon o‘quvchi” uchun maktab kutubxonasida alohida joy ajratib beriladi, u “Kitobxonlar klubi” ni tashkil etadi va yuritadi. Qolaversa, o‘quvchilar orasida kitob mutolaasiga nisbatan mehr uyg‘otish va uni rag‘batlantirish maqsadida maktab ma’muriyati yordamida turli ma’rifiy tadbirlar, uchrashuvlar, aksiya va tanlovlar o‘tkazadi.

Shuningdek, “Targ‘ibotchi kitobxon o‘quvchi” kitobxonlik targ‘ibotiga munosib hissa qo‘shgan va o‘rnak ko‘rsatgan faol kitobxon o‘quvchi va o‘qituvichlarni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish uchun ta’lim muassasasi rahbariyatiga tavsiya qiladi, mavjud muammolarni hal qilish bo‘yicha tavsiyalar beradi. Vazirlik tomonidan tizimdagi barcha ta’lim muassasalari rahbarlariga“Targ‘ibotchi kitobxon o‘quvchi”larga yaqindan yordam ko‘rsatish va shaxsiy namuna ko‘rsatish qat’iy tavsiya etilgan.

O‘quv yili yakunida respublika miqyosida eng faol kitobxon trag‘ibotchilar aniqlanib, taqdirlanadi hamda tegishli tashkilotlarga taqdirlash uchun tavsiya qilanadi.

Shu o‘rinda, vazirlik keng jamoatchilikdan kitobxonlik targ‘ibotida faol ishtirok etishni va farzandlari ta’lim oladigan maktablarda bu jarayonlarning tashkil etilishini kuzatib borish hamda kitob mutolaasidashaxsiy namuna ko‘rsatishni so‘rab qoladi.

Quyida “Targ‘ibotchi kitobxon o‘quvchi” nominatsiyasini tashkil etish tartibi bilan tanishishingiz munkin.

Xalq ta’limi vazirligi
Matbuot xizmati